2013-2020 yillarda O’zbekiston Respublikasi
Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini
rivojlantirishni muvofiqlashtirish
bo’yicha Respublika Komissiyasi

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to’g’risida nizom


[ОКОЗ:

1.02.00.00.00 Давлат бошқаруви асослари / 02.03.00.00 Республика давлат бошқаруви органлари ва хўжалик бошқаруви органлари / 02.03.01.00 Умумий масалалар;

2. 02.00.00.00 Давлат бошқаруви асослари / 02.04.00.00 Маҳаллий ижроия органлари (Ҳокимликлар) (шунингдек, 01.15.03.00га қаранг) / 02.04.01.00 Умумий қоидалар;

3. 12.00.00.00 Ахборот ва ахборотлаштириш / 12.03.00.00 Ахборот ресурслари. Ахборот ресурсларидан фойдаланиш / 12.03.02.00 Ахборотни ҳужжатлаштириш. Электрон ҳужжат айланиши / 12.03.02.01 Электрон ҳужжат айланиши;

4. 12.00.00.00 Ахборот ва ахборотлаштириш / 12.04.00.00 Ахборотлаштириш. Ахборот тизимлари, технологиялари ва уларни таъминлаш воситалари / 12.04.01.00 Ахборотлаштириш]

[ТСЗ:

1. Давлат ва жамият қурилиши / Давлат ҳокимияти органлари. Давлат ва хўжалик бошқаруви органлари;

2. Иқтисодиёт / Ахборот ва ахборотлаштириш. Электрон тижорат (ҳужжат айланиши)]

Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 13 maydagi 120-son qaroriga
1-ILOVA

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to’g’risida

NIZOM

I.Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qo’llanadi:

davlat xizmati — davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlari (keyingi o’rinlarda davlat organi deb ataladi) tomonidan ariza beruvchilarning so’rovlari bo’yicha, shu jumladan bildirish tartibida, ushbu organlar va tashkilotlarning belgilangan vakolatlari doirasida xizmatlar ko’rsatish bo’yicha amalga oshiriladigan, ariza beruvchilarning O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir faoliyat;

ariza beruvchi — davlat xizmati ko’rsatish to’g’risidagi so’rov bilan davlat organiga murojaat qilgan jismoniy yoki yuridik shaxs;

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestri (keyingi o’rinlarda Yagona reyestr deb ataladi) — davlat xizmatlari, shakllari va blankalarining to’liq ro’yxatini, shuningdek ushbu Nizomga muvofiq boshqa axborotni o’z ichiga oladigan, Internet tarmog’idagi ochiq va hamma erkin foydalanishi mumkin bo’lgan axborot resursi;

davlat xizmati ko’rsatish natijasi — davlat xizmati ko’rsatish reglamentiga muvofiq davlat organlari tomonidan tegishli harakatlarni amalga oshirishda ifodalangan, ariza beruvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining amalga oshirilishi, shu jumladan ariza beruvchilarga tegishli axborot va hujjatlarning taqdim etilishi;

davlat xizmati ko’rsatish reglamenti — davlat organlari va (yoki) ularning tasarrufidagi tashkilotlar tomonidan davlat xizmati ko’rsatish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat.

3. Yagona reyestr quyidagi maqsadda shakllantiriladi va yuritiladi:

jismoniy va yuridik shaxslarga davlat xizmatlari, shakllari va blankalari to’g’risida batafsil axborotni taqdim etish;

davlat organlari faoliyatining ochiqligi, oshkoraligi va samaradorligini oshirish;

davlat xizmatlari to’g’risidagi axborotni yig’ish, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek ularni maqbullashtirish va amalga oshirish tartibini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish.

4. Yagona reyestr davlat xizmatlarining quyidagi turlarini o’z ichiga oladi:

ariza beruvchilarning huquqlarini belgilash (bitimlarni, mol-mulkka bo’lgan huquqlarni ro’yxatga olish va shu kabilar);

yozma va boshqa shaklda rasmiylashtiriladigan yuridik faktlarni aniqlash (ma’lumotnomalar, guvohnomalar, litsenziyalar, ruxsat berish tusidagi hujjatlarni berish, shtamplar qo’yish va shu kabilar);

axborot berish (ko’chirmalar berish, axborotni e’lon qilish va shu kabilar).

Yagona reyestr qonun hujjatlariga muvofiq davlat xizmatlarining boshqa turlarini ham o’z ichiga oladi.

5. Yagona reyestr davlat tilida shakllantiriladi va yuritiladi hamda rus va ingliz, shuningdek boshqa tillardagi teng qiymatli yoki qisqartirilgan versiyalariga ega bo’lishi mumkin.

6. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Yagona reyestr operatori hisoblanadi.

7. Yagona reyestrni shakllantirish va yuritish ushbu Nizomning 1-ilovasidagi sxemaga muvofiq davlat organlari bilan birgalikda Yagona reyestr operatori tomonidan amalga oshiriladi.

Yagona reyestr ushbu Nizomning 2-ilovasidagi shaklga muvofiq yuritiladi.

II. Yagona reyestrni shakllantirish tartibi

8. Davlat organlari ko’rsatiladigan davlat xizmatlari, ularning ixtiyorida bo’lgan shakllar va blankalarning xatlovini o’tkazish asosida davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni, ularning reglamentlarini, shuningdek shakllar va blankalar, hujjatlar va boshqa axborot namunalarini tayyorlaydilar va elektron ko’rinishda Yagona reyestrga kiritadilar.

Davlat xizmatining reglamentini ishlab chiqishda davlat organi tegishli idoralararo so’rov yuborilgan paytdan boshlab bir ish kunidan ortiq bo’lmagan muddatda hujjatlar va axborot (arxiv hujjatlari asosida taqdim etiladigan arxiv ma’lumotnomalari va axborotidan tashqari) mavjud bo’lgan manfaatdor davlat organlaridan olish muddatini nazarda tutishi shart.

9. Davlat organiga beriladigan hujjatlar va axborotning shakllari va blankalarining namunalari Yagona reyestrga elektron ko’rinishda kiritiladi.

10. Davlat xizmati ko’rsatishda boshqa davlat organlari ishtirok etgan taqdirda ushbu davlat xizmati to’g’risidagi ma’lumotlarni shakllantirish, hujjatlashtirish va Yagona reyestrga kiritish davlat xizmati ko’rsatilishining Yakuniy natijasini taqdim etayotgan organ tomonidan amalga oshiriladi.

Agar davlat xizmati ko’rsatilishining Yakuniy natijasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdim etilsa, ushbu davlat xizmati to’g’risidagi ma’lumotlarni shakllantirish, hujjatlashtirish va Yagona reyestrga kiritish mazkur davlat xizmati bo’yicha hujjatlar va axborot ko’rib chiqilishini tashkil qilish uchun mas’ul bo’lgan davlat organi (O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ishchi organi) tomonidan amalga oshiriladi.

11. Yagona reyestrga kiritiladigan davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlar to’liq va ishonchli bo’lishi kerak. Ushbu ma’lumotlarda noaniqliklar, qisqartmalar va xatolar bo’lmasligi lozim.

Davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni o’z ichiga olgan hujjatlarning taqdim etiladigan elektron nusxalari va ularning matni yaxshi farqlanadigan, nusxalar sifati esa hujjatning o’qilishini qiyinlashtirmasligi kerak.

Agar davlat xizmati olish boshqa organlar tomonidan beriladigan tegishli hujjatlar va ma’lumotnomalarni yig’ishni nazarda tutsa, davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarda ushbu hujjatlarning berilishi uchun mas’ul bo’lgan organlar ko’rsatilgan holda, mazkur hujjatlarning batafsil ro’yxati berilishi kerak.

12. Davlat organi tomonidan Yagona reyestrga ma’lumotlar kiritilgandan keyin Yagona reyestr operatori ushbu ma’lumotlarni bir hafta muddatda ko’rib chiqadi va davlat xizmatini ro’yxatga oladi.

Noyob reyestr raqamini ko’rsatgan holda davlat xizmatining Yagona reyestrda ro’yxatga olinganligi to’g’risidagi bildirishnoma elektron ko’rinishda davlat xizmati Yagona reyestrda ro’yxatga olingan kundan keyin bir ish kuni mobaynida davlat organiga yuboriladi.

13. Davlat organi tomonidan ushbu Nizom talablari buzilgan holda, noto’g’ri rasmiylashtirilgan yoki boshqa kamchiliklar mavjud bo’lgan ma’lumotlar va hujjatlar Yagona reyestrga kiritilgan taqdirda, operator besh ish kuni mobaynida, rad etishning asoslangan sabablarini ko’rsatib, davlat xizmatini Yagona reyestrda ro’yxatga olishni rad etadi.

Davlat organi ish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni uch ish kuni mobaynida bartaraf etadi va davlat xizmati to’g’risidagi tegishli ma’lumotlarni Yagona reyestrga takroran kiritadi.

Kamchiliklari aniqlangan, Yagona reyestrga kiritilishi kerak bo’lgan ma’lumotlar va hujjatlarni o’zgartirish yoki to’ldirish ularni boshqa davlat organlari bilan kelishish, belgilangan tartibda tasdiqlashga sabab bo’lsa yoki aniqlangan kamchiliklarni ish jarayonida uch kun mobaynida aniqlashga to’sqinlik qiladigan, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa holatlarda, davlat organi aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish muddatlarini ko’rsatib, bu haqdagi tegishli axborotni Yagona reyestr operatoriga kiritadi.

Ilgari aniqlangan va tuzatilmagan kamchiliklar mavjud bo’lgan davlat xizmati to’g’risidagi tegishli ma’lumotlar takroran kiritilgan taqdirda paydo bo’ladigan barcha masalalar davlat organi va Yagona reyestr operatori o’rtasida ish jarayonida darhol hal etiladi.

III. Yagona reyestrga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish tartibi

14. Yagona reyestrda ro’yxatga olingan davlat xizmati ko’rsatish reglamentiga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritilgan taqdirda davlat organi bir kun muddatda, asoslarni ko’rsatib, elektron ko’rinishda tegishli o’zgartirishlar va qo’shimchalarni kiritadi.

15. Yagona reyestr operatori tomonidan Yagona reyestrda ro’yxatga olingan davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlardagi o’zgartirishlar va qo’shimchalarni ko’rib chiqish ushbu Nizomning 12- 13-bandlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Bunda o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritilgan taqdirda Yagona reyestrda kiritilgan o’zgartirishlar va qo’shimchalarning sanasi va mohiyati to’g’risida tegishli belgi qo’yiladi.

16. Davlat xizmati bekor qilingan taqdirda davlat organi bir hafta muddatda, chiqarish uchun asoslarni ko’rsatib, davlat xizmatini Yagona reyestrdan chiqarish zarurligi to’g’risida elektron ko’rinishda Yagona reyestr operatorini xabardor qiladi.

Davlat xizmati Yagona reyestrdan chiqarilganda davlat xizmati to’g’risidagi ma’lumotlar to’liq chiqarib tashlanmaydi, balki ushbu davlat xizmati bekor qilinganligi, shuningdek mazkur xizmat bekor qilingan sana va buning asosi to’g’risida tegishli belgi kiritiladi.

17. Bekor qilingan davlat xizmatining noyob reyestrli raqami reyestrdan chiqarilmaydi va Yagona reyestrda yangidan ro’yxatga olingan boshqa davlat xizmatlariga berilmaydi.

IV. Yagona reyestr operatori va davlat organlarining huquqlari va majburiyatlari

18. Yagona reyestr operatori quyidagi huquqlarga ega:

davlat xizmatlari to’g’risida noto’g’ri rasmiylashtirilgan, shuningdek hujjatlari, shakllari, blankalarida kamchiliklar mavjud ma’lumotlarni Yagona reyestrda ro’yxatga olmaslik;

davlat xizmatlarini Yagona reyestrga kiritish yoki unga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritishga doir takliflarni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish;

davlat xizmatlarining sifatli reglamentlanishini ta’minlashga doir takliflarni O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritish.

19. Yagona reyestr operatori quyidagilarga majbur:

davlat xizmatlarining Yagona reyestrda ro’yxatga olinishini, shuningdek ushbu Nizomga muvofiq davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarga tegishli o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish;

Yagona reyestrdagi ma’lumotlarni O’zbekiston Respublikasi Interaktiv davlat xizmatlarining Yagona portalida e’lon qilish hamda jismoniy va yuridik shaxslarning davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlardan kecha- kunduz foydalana olishlarini ta’minlash;

Yagona reyestrning uzluksiz ishlashini, shuningdek undagi ma’lumotlarning saqlanishini va foydalana olish mumkinligini ta’minlash;

davlat xizmatlari to’g’risidagi tegishli ma’lumotlarni shakllantirish va yuritish uchun davlat organlarining Yagona reyestrdan foydalana olishlarini ta’minlash;

davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni Yagona reyestrda ro’yxatga olishdan oldin ularning to’liqligi va ishonchliligini tekshirish;

ko’rsatiladigan davlat xizmatlarini tahlil qilish va davlat organlari tomonidan amalga oshiriladigan tartibotlarning takrorlanishini istisno etish, shuningdek muddatlarni va ariza beruvchilardan talab qilinadigan hujjatlar va axborotni qisqartirish yuzasidan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish.

20. Davlat organlari quyidagi huquqlarga ega:

belgilangan tartibda davlat xizmati ko’rsatish reglamentiga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritish;

Yagona reyestrni shakllantirish va yuritish bo’yicha uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqishda ishtirok etish.

21. Davlat organlari quyidagilarga majbur:

o’zlari tomonidan ko’rsatiladigan davlat xizmatlarining reglamentlanishini va Yagona reyestrda hujjatlashtirish uchun ular to’g’risida ma’lumotlar taqdim etilishini ta’minlash;

har yili 1 oktyabrgacha bo’lgan muddatda davlat xizmatlarini xatlovdan o’tkazish va ular to’g’risidagi Yagona reyestrdagi ma’lumotlarni aktuallashtirish;

davlat xizmatlari ko’rsatish reglamentlariga o’zgartirishlar va qo’shimchalar kiritilgan yoki ushbu davlat xizmatlari bekor qilingan taqdirda davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni o’zgartirish va to’ldirish bo’yicha takliflar kiritish;

ushbu Nizomga muvofiq davlat xizmatlarini Yagona reyestrda ro’yxatga olish uchun mazkur xizmatlar to’g’risida to’liq va ishonchli ma’lumotlarni taqdim etish.

Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’lishi mumkin.

V. Yakunlovchi qoidalar

22. Davlat sirlarining yoki qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa sirning oshkor bo’lishiga olib kelishi mumkin bo’lgan ma’lumotlarni Yagona reyestrga kiritish taqiqlanadi.

23. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Aloqa, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasidagi nazorat bo’yicha davlat inspeksiyasi O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat va xo’jalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirishning holatini o’rganishni amalga oshirish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida» 2014 yil 23 apreldagi 102-son qaroriga muvofiq axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini davlat organlarida joriy qilish va rivojlantirish holatini o’rganish asosida Yagona reyestrga kiritilgan ma’lumotlarning to’liqligi va ishonchliligi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi.

24. Ushbu Nizom talablarini bajarishda davlat organlari va Yagona reyestr operatori o’rtasida paydo bo’ladigan bahslar O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko’rib chiqiladi va hal etiladi.

25. Yagona reyestrda ro’yxatga olish uchun taqdim etiladigan davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarning to’liqligi va ishonchliligi yuzasidan mas’uliyat davlat organlarining tegishli rahbarlari zimmasida bo’ladi.

26. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo’ladilar.

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to’g’risidagi nizomga
1-ILOVA

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish

SXEMASI

Bosqichlar

Xatti-harakatlar

Sub’yektlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestri axborot tizimini yaratish va ishga tushirish.

Yagona reyestr operatori

2015 yil 1 iyulgacha

2-bosqich

Aholiga va tadbirkorlik sub’yektlariga ko’rsatiladigan davlat xizmatlarini xatlovdan o’tkazish va reglamentlash.

Davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari

2015 yil 1 sentyabrgacha

3-bosqich

Yagona reyestrga davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarni, ularni ko’rsatish reglamentlarini, shakllar va blankalar namunalarini, shuningdek davlat xizmatlari ko’rsatuvchi organlarga beriladigan qo’shimcha ma’lumotlar va axborotni elektron ko’rinishda kiritish.

Davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari

2015 yil 1 oktyabrgacha

4-bosqich

Davlat xizmatining uni ko’rsatish reglamentiga muvofiqligi yuzasidan davlat xizmati ko’rsatish to’g’risida kiritilgan ma’lumotlarni ko’rib chiqish, Yagona reyestrda ro’yxatga olish (o’zgartirishlar kiritish).

Yagona reyestr operatori

bir hafta muddatda

5-bosqich

Davlat xizmatining Yagona reyestrda ro’yxatga olinganligi to’g’risidagi bildirishnomani yuborish.

Yagona reyestr operatori

ro’yxatga olingan kundan keyin 1 ish kuni mobaynida

Talablar buzilgan taqdirda davlat xizmatining Yagona reyestrda ro’yxatga olinishini rad etish va bartaraf etish uchun aniqlangan kamchiliklar to’g’risidagi bildirishnomani yuborish.

Yagona reyestr operatori

5 ish kuni mobaynida

6-bosqich

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va davlat xizmati to’g’risidagi tegishli ma’lumotlarni Yagona reyestrga takroran kiritish.

Davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari

3 ish kuni mobaynida

7-bosqich

Yagona reyestrda ro’yxatga olingan davlat xizmati ko’rsatish to’g’risidagi reglamentga kiritilgan o’zgartirishlar va qo’shimchalar to’g’risidagi ma’lumotlarni elektron ko’rinishda Yagona reyestrga kiritish.

Davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari

o’zgartirish kiritilgan paytdan boshlab 1 ish kuni mobaynida

Yagona reyestrda ro’yxatga olingan davlat xizmatlari to’g’risidagi ma’lumotlarga kiritilgan o’zgartirishlar va qo’shimchalarni ushbu sxemaning 4 va 5-bosqichlarida belgilangan tartibda ko’rib chiqish.

Yagona reyestr operatori

belgilangan muddatlarda


Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to’g’risidagi nizomga
2-ILOVA

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona

reyestri

Davlat xizmatining noyob reyestr raqami

Davlat xizmatining nomi

Davlat xizmatini ko’rsatish natijasini beruvchi vakolatli organning nomi

Davlat xizmati ko’rsatilayotgan ariza beruvchilar toifalari

Davlat xizmati ko’rsatish tartibi (ko’rsatish bosqichlari va tartibotlari)

Davlat xizmati ko’rsatish narxi

Davlat xizmati ko’rsatish muddatlari

Davlat xizmati ko’rsatish reglamenti

Davlat xizmati ko’rsatish uchun talab qilinadigan hujjatlar

Axborot hamkorligi orqali olinadigan hujjatlar va axborot hamda ularni beradigan davlat organlari

Davlat xizmati ko’rsatish natijasi

Davlat xizmati ko’rsatish natijasida beriladigan yoki davlat xizmati olish uchun foydalaniladigan shakllar va blankalar

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

12

.

.

.

Izoh. Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestri davlat xizmatlari to’g’risidagi boshqa ma’lumotlarni ham o’z ichiga olishi mumkin.


Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 13 maydagi 120-son qaroriga
2-ILOVA

Davlat xizmatlari ko’rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibi to’g’risida

NIZOM

I. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom «Elektron hujjat aylanishi to’g’risida» va « Elektron raqamli imzo to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonunlariga hamda Vazirlar Mahkamasining «Tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlari ko’rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida» 2014 yil 31 dekabrdagi 377-son qaroriga muvofiq idoralararo elektron hamkorlik tizimini qo’llagan holda davlat xizmatlari ko’rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibini belgilaydi.

2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalar qo’llanadi:

so’rov — davlat organiga yozma yoki elektron shaklda taqdim etiladigan davlat xizmati ko’rsatish to’g’risidagi talab;

[СПиТ:

1. Электрон тижорат (имзо). Электрон ҳужжат алмашинуви / Электрон ҳужжат]

elektron hujjat — elektron shaklda qayd etilgan, elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan hamda elektron hujjatning uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan boshqa rekvizitlariga ega bo’lgan axborot;

idoralararo elektron hamkorlik — ariza beruvchilarga davlat xizmatlari ko’rsatishda zarur bo’lgan, davlat organlari ixtiyoridagi hujjatlar va axborotni almashish maqsadida amalga oshiriladigan ushbu davlat organlari o’rtasida elektron shakldagi o’zaro hamkorlik;

idoralararo elektron hamkorlik tizimi — ariza beruvchilarga davlat xizmatlari ko’rsatishda idoralararo elektron hamkorlik qilishni, davlat organlariga zarur bo’lgan elektron hujjatlarni almashishni ta’minlovchi apparat-dasturiy vositalar majmui;

idoralararo elektron so’rov — davlat organining ariza beruvchi so’rovi asosida so’ralayotgan hujjatlar va axborot bor bo’lgan tashkilotlarga elektron hujjat shaklida yuborilgan, davlat xizmati ko’rsatish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va axborotni taqdim etish to’g’risidagi talabi;

davlat xizmati ko’rsatish reglamenti — davlat organlari va (yoki) ularga idoraviy mansub tashkilotlar tomonidan davlat xizmati ko’rsatish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat;

davlat xizmati ko’rsatish natijasi — davlat xizmati ko’rsatish reglamentiga muvofiq davlat organlari tomonidan tegishli harakatlarni amalga oshirishda ifodalangan, ariza beruvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari amalga oshirilishi, shu jumladan ariza beruvchilarga tegishli axborot va hujjatlar taqdim etilishi;

Davlat xizmatlari, shakllari va blankalari Yagona reyestri — davlat organlari tomonidan ko’rsatiladigan davlat xizmatlarining to’liq ro’yxati, shu jumladan elektron shakldagi ro’yxati, shakllar va blankalar hamda boshqa axborot bor bo’lgan ochiq va hamma erkin foydalanishi mumkin bo’lgan axborot resursi.

3. Quyidagilar davlat xizmatlari ko’rsatishda idoralararo elektron hamkorlik qilish vazifalari hisoblanadi:

davlat organlari tomonidan o’z funksiyalarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda samarali bajarilishini ta’minlash;

ariza beruvchilarning so’rovlarini samarali ko’rib chiqish uchun o’z vaqtida va kelishilgan idoralararo elektron hamkorlik qilishni ta’minlash;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish va joriy etish hisobiga davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish.

4. Idoralararo elektron so’rovlarni yuboruvchi va berilgan so’rovlar asosida tegishli hujjatlar va axborotni taqdim etuvchi davlat organlarining mas’ul mansabdor shaxslari idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchilar hisoblanadi.

5. Davlat xizmatlari ko’rsatishda davlat organlarining idoralararo axborot hamkorligi:

ushbu Nizomga muvofiq idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanib;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan axborot hamkorligining boshqa usullari yordamida amalga oshirilishi mumkin.

Idoralararo elektron hamkorlik tizimini qo’llagan holda axborot hamkorligini texnologik ta’minlashga Yagona texnologik yechimlar va standartlar, Yagona klassifikatorlar va ma’lumotlar tuzilishining tavsiflaridan foydalanish yo’li bilan, shuningdek elektron hujjatlardan foydalanishda litsenziya cheklovlaridan holi bo’lgan ularning Yagona ochiq formati asosida erishiladi.

6. Ushbu Nizomga ilova qilinayotgan sxemaga muvofiq davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar o’rtasidagi idoralararo elektron so’rovlar va ularga javoblarni uzatish, ularning ishlashini ta’minlash idoralararo elektron hamkorlik tizimining asosiy funksiyasi hisoblanadi.

7. O’zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi idoralararo elektron hamkorlik tizimining operatori hisoblanadi.

8. Idoralararo elektron so’rovni yo’llash va davlat xizmatlari ko’rsatish uchun zarur hujjatlar va axborotni taqdim etish idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimi orqali bepul amalga oshiriladi.

II. Idoralararo elektron hamkorlik qilish tartibi

9. Idoralararo elektron hamkorlik qilish quyidagicha amalga oshiriladi:

idoralararo elektron so’rovni ushbu Nizomda belgilangan tartibda davlat xizmatlari ko’rsatish uchun zarur bo’lgan so’raladigan hujjatlar va axborot bor bo’lgan davlat organlariga yuborish;

«Elektron hukumat» tizimi axborot tizimlari va markazlashtirilgan ma’lumotlar bazalari, davlat xizmatlari ko’rsatish uchun zarur bo’lgan so’raladigan hujjatlar va axborot bor bo’lgan davlat organlarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalari komplekslarining idoralararo elektron so’rovlarni uzatish, ularni ishlash va olish jarayonini avtomatlashtirish uchun idoralararo elektron hamkorlik tizimi bilan integratsiyalashuvini ta’minlash.

10. Idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchilar boshqa davlat organlaridan ular ixtiyorida bo’lgan hujjatlar va axborotni ushbu Nizomga muvofiq ariza beruvchining so’rovi asosida so’rash huquqiga ega.

11. Davlat organlari tomonidan so’raladigan hujjatlar va axborot ro’yxati davlat xizmatlari ko’rsatish reglamentlari bilan belgilanadi.

12. Idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchilar davlat xizmati ko’rsatish uchun ariza beruvchining so’rovi olingandan keyin ariza beruvchining so’rovi olingan kundan keyingi bir ish kuni mobaynida idoralararo elektron so’rovni o’z ixtiyorida davlat xizmati ko’rsatish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va axborot bor bo’lgan davlat organlariga yuboradilar.

13. Idoralararo elektron so’rov yuborilgan idoralararo elektron hamkorlik qilish tizimidan foydalanuvchilar idoralararo elektron so’rov yuborilgan kundan keyingi bir ish kuni davomida o’z ixtiyoridagi hujjatlar va axborotni elektron hujjat shaklida tayyorlaydilar va idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali yuboradilar.

Elektron hujjatning haqiqiyligini tekshirish tartib-qoidasi qonun hujjatlarida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.

14. Idoralararo elektron so’rovda quyidagilar ko’rsatilishi kerak:

idoralararo elektron so’rovni yuboradigan davlat organining nomi;

idoralararo elektron so’rov yuboriladigan davlat organining nomi;

davlat xizmatining noyob reyestr raqamini ko’rsatgan holda, taqdim etish uchun tegishli hujjatlar va axborot zarur bo’lgan davlat xizmatining nomi;

ariza beruvchi to’g’risidagi ma’lumotlar, shu jumladan uning so’rovini ilova qilgan holda hujjatlar va axborotni taqdim etish uchun uning identifikatsiyalovchi ma’lumotlari;

idoralararo elektron so’rov yuboriladigan davlat organi ixtiyorida bo’lgan so’raladigan hujjatlar va axborot ro’yxati;

idoralararo elektron so’rov yuborilgan sana;

idoralararo elektron so’rovni tayyorlagan va yuborgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi, elektron raqamli imzo rekvizitlari.

Idoralararo elektron so’rov davlat xizmatlari ko’rsatish uchun zarur bo’lgan boshqa ma’lumotlarni ham o’z ichiga olishi mumkin.

15. Idoralararo elektron so’rovni oladigan idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchi:

idoralararo elektron so’rovni yuborishning huquqiy asoslarini aniqlaydi;

ma’lumotlar tarkibini, shu jumladan hujjatlar va axborotni tayyorlash va yuborish uchun zarur bo’lgan, idoralararo elektron so’rovda bayon qilingan so’raladigan hujjatlar va axborot ro’yxatini aniqlaydi;

idoralararo elektron so’rovni olgan tashkilotda shunday hujjatlar va axborotning mavjudligi faktini aniqlaydi;

so’raladigan hujjatlar va axborotni idoralararo elektron so’rov bilan murojaat qilgan davlat organiga o’z vaqtida yuborish maqsadida ularni olish uchun zarur choralarni ko’radi;

so’raladigan hujjatlar va axborotni ilova qilgan holda idoralararo elektron so’rovga javobni shakllantiradi hamda uni tegishli hujjatlar va axborotni so’ragan davlat organiga yuboradi.

16. Idoralararo elektron so’rov idoralararo elektron hamkorlik tizimiga yuborilgan sana ushbu so’rov davlat organidan olingan sana hisoblanadi.

17. Idoralararo elektron so’rovni olgan davlat organlari tomonidan ushbu organlarda mavjud bo’lgan so’raladigan hujjatlar va axborotning asosli rad javobi bo’lmaganda taqdim etilmasligi yoki o’z vaqtida taqdim etilmasligi ariza beruvchiga davlat xizmati ko’rsatilishini rad etish uchun asos hisoblanmaydi.

18. Idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchining davlat organiga so’raladigan hujjatlar va axborotni taqdim etishdagi asosli rad javobi asoslangan bo’lishi va idoralararo elektron so’rov yuborilgan kundan keyingi bir ish kunidan kechiktirilmay yuborilishi kerak.

19. Idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali davlat siri yoki qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa sirni o’z ichiga olgan idoralararo elektron so’rovlarni yuborishga hamda tegishli hujjatlar va axborotni taqdim etishga yo’l qo’yilmaydi.

III. Idoralararo elektron hamkorlik qilishda davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organlarining huquqlari va majburiyatlari

20. Idoralararo elektron hamkorlik qilishda davlat organlari:

tegishli davlat organlaridan davlat xizmatlari ko’rsatish uchun zarur bo’lgan hujjatlar va axborotni so’rash va olish;

tegishli huquqiy asoslar bo’lmaganda hujjatlar va axborotni taqdim etishni rad etish huquqiga ega.

Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo’lishi mumkin.

21. Davlat organlari tegishli munosabatlarni tartibga solish vakolatiga kirmaydigan tashkilotlarga idoralararo elektron so’rovlarni yuborish huquqiga ega emas.

22. Idoralararo elektron hamkorlik qiluvchi davlat organlari tegishli idoralararo elektron so’rov olingan kundan keyingi bir ish kuni mobaynida so’raladigan hujjatlar va axborotni (arxiv hujjatlari asosida taqdim etiladigan arxiv ma’lumotnomalari va axborotdan tashqari) to’liq hajmda taqdim etishga, shuningdek uzatiladigan hujjatlar va axborotning ishonchliligini ta’minlashga majbur.

Davlat organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo’lishi mumkin.

23. Idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchilar identifikatsion va autentifikatsion ma’lumotlarning, shuningdek idoralararo elektron hamkorlik qilish doirasida olinadigan va jo’natiladigan hujjatlar va axborotning muhofaza qilinishi va zarur tarzda saqlanishini ta’minlashga majbur.

24. Davlat organlari xodimlari tomonidan o’zlariga idoralararo elektron hamkorlik qilishda ma’lum bo’lgan jismoniy shaxslarning shaxsiy hayoti, yuridik shaxslarning faoliyati to’g’risidagi ma’lumotlar ularning yozma roziligisiz, shuningdek, agar bu ariza beruvchilarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini kamsitadigan bo’lsa, qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa sir va boshqa axborotning oshkor etilishiga yo’l qo’yilmaydi.

IV. Yakunlovchi qoidalar

25. Idoralararo elektron hamkorlik tizimidan foydalanuvchilar davlat organlarining idoralararo elektron so’rovlari bo’yicha so’raladigan hujjatlar va axborotning o’z vaqtida taqdim etilishi uchun javob beradilar.

26. Idoralararo elektron hamkorlik qiluvchi davlat organlari idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali yuboriladigan hujjatlar va axborotning ishonchliligi uchun javob beradilar.

27. Idoralararo elektron hamkorlik tizimi operatori uning uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligi uchun javob beradi.

28. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo’lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo’ladilar.

Davlat xizmatlari ko’rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo axborot hamkorligi tartibi to’g’risidagi nizomga
ILOVA

Davlat xizmatlari ko’rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning idoralararo elektron hamkorligini amalga oshirish

SXEMASI

Bosqichlar

Xatti-harakatlar

Sub’yektlar

Muddatlar

1-bosqich

Davlat xizmati olish uchun davlat organiga so’rov yuborish.

Jismoniy yoki yuridik shaxs

Ariza beruvchining xohishiga ko’ra

2-bosqich

Davlat xizmati olish uchun so’rovni qabul qilish, ro’yxatdan o’tkazish va bajarish uchun qabul qilish.

Davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organi

Bir ish kuni mobaynida

3-bosqich

Idoralararo elektron so’rovni shakllantirish va davlat xizmati ko’rsatish uchun zarur hujjatlar va axborot bor bo’lgan davlat organiga yoki boshqa tashkilotga yuborish.

Davlat xizmatlari ko’rsatuvchi davlat organi

Bir ish kuni mobaynida

4-bosqich

Idoralararo elektron so’rovni yuborishning huquqiy asosini aniqlash.

So’ralayotgan hujjatlar va axborotning mavjudligi faktini aniqlash.

So’ralayotgan hujjatlar va axborotni ilova qilgan holda idoralararo elektron so’rovga javobni shakllantirish va yuborish.

O’z ixtiyorida zarur hujjatlar va axborotga ega bo’lgan davlat organi yoki boshqa tashkilot

Idoralararo elektron so’rov yuborilgan kundan keyingi bir ish kuni mobaynida


: 2016.02.08

Возврат к списку